Berlin shahrida o’qib, shu yerda ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz tarafidan shu yilning boshida „Davra“ o’zbeklar jamiyatiga asos solindi va jamiyat Berlin shahrida ro’yxatdan o’tkazildi. O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi favqulotda va muxtor elchisi Dilshod Akhatovning taklifiga binoan bu tarixiy voqeani oldimizda turgan Navro’z bayramiga qo’shib qo’shaloq bayram sifatida nishonlashga kelishib olindi.

Bayramga Germaniyada o’qib, ishlab yashayotgan vatandoshlarimiz hamda boshqa mehmonlar taklif qilindi. Tadbirda qatnashgan 200 dan ortiq mehmonlarni O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi favqulotda va muxtor elchisi Dilshod Akhatov Navro’z bilan tabrikladi hamda bunday ulug’ ayyom kunlarda «Davra» jamiyatining tashkil qilinishini bayram qilinishi o’ta quvonarli voqea ekanligini ta’kidladi hamda jamiyat faoliyatiga ulkan muvoffaqiyatlar tiladi.

Shundan keyin so’zga chiqqan «Davra» jamiyati raisi Anvar Shermatov bayram qatnashchilarini Navro’zu ayyom bilan qutladi hamda yangi tashkil qilingan jamiyat bilan tanishtirdi va jamiyatning maqsadlari haqida ma’lumotlar berdi. Jamiyat raisi «Davra» jamiyati Evropadagi vatandoshlarimizni har taraflama qo’llab-quvvatlash, milliy an’analarimiz va madaniyatimizni Evropaga tanishtirish, milliy bayramlarimizni vatandoshlar bilan birgalikda nishonlashda O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasidan keyingi manzil bo’lishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yganligini ta’kidladi.

Bayramga «Davra» jamiyati tarafidan taklif qilingan, asosan nemis millatiga mansub insonlardan tashkil topgan, «Chilton» musiqiy guruhi o’zlarining sof o’zbekcha ashulalari bilan bayram qatnashuvchilarini hayratga solishdi. O’zbekistondan tashrif buyurgan musiqiy guruh o’zlarining kuy-qo’shiqlari bilan bayramga o’zgacha fayz kiritdi.

Bayramga tashrif buyurgan barcha mehmonlar maroqli kun uchun O’zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda Davra jamiyatiga o’zlarining minnatdorchiliklarini izhor etishdi va shunday bayramlar Berlinda te-tez tashkil qilinib turilishi maqsadga muvofiq bo’lishini ta’kidlashdi. Haqiqatda bunday tadbirlar chet ellarda yashayotgan vatandoshlarimiz uchun vatandan uzoqlashmaslik yo’lida muhim rol o’ynasa, farzandlarimizni chet ellarda vatan ruhida tarbiyalashimizda hamda milliy an’analarimiz va madaniyatimizni o’rgatishda juda katta ahamiyatga ega.

Tadbir so’ngida mehmonlarga an’anaviy o’zbekcha dasturxon bezatildi va turli-tuman milliy taomlarimiz tortiq qilindi. Albattaki dasturxonnig ko’rki dunyoga mashhur hisoblanmish milliy taomimiz bo’lmish Qozon-Palov bo’ldi.

© Davra e.V.

Homiymiz